Talabalik baxtiga muyassar bo’lganlar hayoti uchun o’rtacha chek

O'zbekiston oliygohlari, To'lov
685 0

Salom, bo’lajak talaba! Xo’sh, tayyormisan? Men allaqachon seni talabalik davriga tayyorlayapaman va aminmanki, sen albatta bu baxtga erishasan.

Bu safar men talabaning o’rtacha sarf xarajatlari haqida kichkina maqola bilan bo’lishaman. Ma’lumki, talaba hayoti o’zining bir talay cheklovlari bilan mashhur. Davlatimizda kun sayin moddiy imkoniyatlar soni yanada ko’paymoqda, ammo, bu narsa talabaga tegishli emas, zeroki uning holati bevosita vaziyatga bog’liq. Biroq, ota-ona yordami bilan bunday qiyinchiliklarni yengib o’tish osonroq kechadi, sababi mustaqil hayot kechirish masalasi ancha mushkulroq.

Demak, yechimni talab qiladigan birinchi masala bu uy-joy masalasi. Agarda sen Toshkentda yashab turib, o’qishga kirgan bo’lsang, demak uy-joy muammosi seni chetlab o’tishi aniq. Ammo, agarda sen viloyatdan kelgan bo’lsang, unda darhol turar-joy masalasi bilan shug’ullanishing lozim. Eng oddiy va arzon yo’l – yotoqxona. Bugungi kunda yotoqxonada joy bir yilga bitta joy uchun 500 ming so’m to’lanadi. Agarda yotoqxonada yashashni istamasang, unda ijarada turish imkoniyati ham bor. Ijarada   dugonang yoki tanishing bilan tursang, yashash narxi kommunal xizmatlari bilan birgalikda bir million atrofida bo’ladi. Shu sababli tejamli yo’lni tanlash uchun yo yotoqxona yoki qarindoshingni uyida turishni maslahat bergan bo’lardim.

Ikkinchi o’rinda yegulik masalasi. Tejamli yo’llardan bittasi – kerakli masalliqlarni olib, ovqatni uyda tayyorlash. Agarda ko’chada ovqatlanmoqchi bo’lsang, unda nonushta, tushlik va kechgi ovqat 25 ming so’m atrofida bo’ladi, oyiga esa 750 ming so’mni tashkil qiladi. Yaxshisi ovqatni o’zing pishirganing afzal.

Keyingi masala bu albatta - transport. Hozirda transport faoliyatida ajoyib imkoniyat yaratilgan, ya’ni metro va avtobuslar uchun birgina 83 ming so’mli   yo’l chiptasi mavjudligi. Negaki, taksida yurish talabaga ancha qimmatga tushadi.

Yana bir muammolardan biri – to’lov shartnomasi masalasi. Misol uchun sen huquqshunoslik fakultetida ta’lim olsang, bugungi kundagi shartnoma narxi – 9 850 000ni tashkil qiladi. Bitta gap bilan aytganda, har oyi sen puldan 820 ming so’mdan ajratib qo’yishing lozim. Bu holatda sen zudlik bilan ishga joylashishni rejalashtirishing kerak.

Bu talaba hayotining eng asosiy jihatlari edi. Albatta, bunday hayotning   o’ziga yarasha qiziqarli tomonlari ko’p, ammo bu jihatlar haqida maqolada gapirmadim, negaki juda shaxsiy.

Umuman olganda, birgina stipendiyaning o’zi talabaga kamlik qiladi degan hulosaga keldik. Eslatib o’taman ushbu ma’lumotiga ko’ra: yuqori, ya’ni beshlik stipendiya narxi 505 278 ming so’m, o’rtacha, to’rtlik stipendiya narxi 378969, va uchlik, eng past narxdagi stipendiya 252639 ming so’mdan iborat. Hullas, umumiy xarajatlar miqdorini hisoblaganda bu pul talaba uchun ham juda kam. Agarda mustqil hayot kechiraman desang, buni faqat bir yo’li bor – ishlash.

Ishonchim komilki, sen barchasini uddalaysan.

Omad.

Kamola.

Shu mavzu bo’yicha maqolalar

Izohlar

Hozircha izohlar mavjud emas